04.08.2017 Adabiyot va san’at, madaniyatni rivojlantirish – xalqimiz ma’naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 3-avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda milliy madaniyatimiz, adabiyot va san’atimizni rivojlantirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar, ularni hal etish yo‘llari, bu borada ijodiy uyushmalar va davlat tashkilotlari oldida turgan muhim vazifalar haqida atroflicha fikr almashildi.
Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari rahbarlari, Bosh vazir, Prezidentning Davlat maslahatchilari, Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, yirik kompaniya va xo‘jalik birlashmalari, banklar, ijodiy uyushmalar, yetakchi ommaviy axborot vositalari, madaniyat muassasalari, teatr va muzeylar rahbarlari, adabiyot, san’at va madaniyat sohasining atoqli namoyandalari, jurnalistlar ishtirok etdi. Videokonferensiya shaklida o‘tgan uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, Madaniyat vazirligi, ijodiy uyushmalarning hududiy bo‘limlari, joylardagi madaniyat muassasalari, tele-radiokanallar, gazetalar rahbarlari, ijodkor ziyolilar qatnashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma’ruza qildi.
Mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlar qatori madaniyat va san’at, adabiyot, ommaviy axborot vositalari rivojiga katta e’tibor berilmoqda. Ayniqsa, keyingi paytda bu soha ravnaqini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha ulkan ishlar qilinmoqda.
Xalqimizning boy madaniy merosini tiklash va o‘rganish maqsadida bir qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, poytaxtimizda O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazi, Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi barpo etilmoqda. O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, O‘zbekistonning yangi tarixi markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Kitobxonlik madaniyatini oshirish, madaniyat va san’at sohasini takomillashtirishga katta e’tibor qaratilib, hududlarda ulug‘ san’atkorlarimiz nomi bilan ataladigan ijodiy maktab va markazlar tashkil qilinmoqda.
Bu ishlarning mantiqiy davomi sifatida yosh iste’dod egalarining iqtidorini yuzaga chiqarish borasida ham qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining uchrashuvdagi ma’ruzasida madaniyatimiz va san’atimizning rivojlanish jarayonlari, bu boradagi ijobiy tendensiyalar bilan birga, ayrim salbiy holatlar, ularning jamiyat hayotiga ta’siri xolisona va tanqidiy baholanib, o‘z yechimini kutayotgan dolzarb muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari haqida atroflicha fikr yuritildi. Ijodiy uyushmalar, Madaniyat vazirligi hamda uning tarkibidagi birlashma va tashkilotlar faoliyati chuqur tahlil etildi. Ijodkor ziyolilarning bugungi kunda jamiyat hayoti, islohotlar jarayonidagi o‘rni va vazifasi haqida muhim va dolzarb fikrlar bayon qilindi.
Prezidentimiz xalqimizning ma’naviy kamolotida ijodkorlarning xizmati beqiyos ekanini alohida ta’kidlab, taraqqiyotimizning hozirgi bosqichida barcha sohalar vakillari qatori madaniyat va san’at ahlidan ham yanada faollik, yangi-yangi ijodiy g‘oya va tashabbuslar bilan yashash, izlanish ruhi talab etilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekistonda adabiyot va san’at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, ma’naviyat va ma’rifat biznesga aylanmasligi shart va biz bunga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz, deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz bo‘lib o‘tgan ochiq va samimiy muloqotning ahamiyati, mantiqiy natijasi haqida so‘z yuritib, “Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va men ishonaman, nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va san’atimiz ham albatta bo‘ladi”, degan fikrni qat’iyat bilan ta’kidladi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov, akademiklar O.Salimov, R.Ubaydullayeva, Badiiy akademiya raisi A.Nuriddinov, O‘zbekiston xalq shoirasi H.Xudoyberdiyeva, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi A.Slonim, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi professori S.G‘afurova, O‘zbekiston xalq artisti O.Nazarbekov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, kinorejissyor H.Nasimov, Bastakorlar uyushmasi raisi R.Abdullayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist J.Piyazov va boshqalar madaniyat, adabiyot va san’at sohasiga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor, samimiy muloqot uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, belgilab olingan maqsad va vazifalar, yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar ijod ahlini yangi va sermazmun asarlar yaratishga ruhlantirishi, barcha ijodiy tashkilotlarni o‘z faoliyatini qaytadan ko‘rib chiqib, uni har tomonlama samarali tashkil etishga da’vat etishini ta’kidladilar.
Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA
03.08.2017 22:15
http://www.uza.uz/uz/politics/adabiyot-va-san-at-madaniyatni-rivojlantirish-xalqimiz-ma-na-03-08-2017
|
|