Все новости
Qadimshunoslar ustaxonasida
20.09.2016
Qadimshunoslar ustaxonasida
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Xalqaro madaniyat karvon saroyida «Arxeologiya ustaxonasi – 2016» mahorat saboqlari bo‘lib o‘tdi, - O‘zA

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Yaponiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi, Yaponiya xalqaro hamkorlik fondi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu mahorat saboqlarida arxeologiya sohasida izlanish olib borayotgan yosh mutaxassislar, olimlar, muzey xodimlari, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida tariximizni, ma’naviy merosimizni, milliy an’ana va qadriyatlarimizni asl holicha tiklash, mukammal o‘rganish, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatimizdagi mavjud tarixiy obidalar va yodgorliklarni yuqori malakali mutaxassislarni jalb etgan holda o‘rganish, ularni asl qiyofasiga mos tarzda belgilangan me’moriy talablar asosida qayta tiklash va ta’mirlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar bajarildi va bu ezgu ish izchil davom etmoqda. Ko‘hna tariximiz, boy madaniy merosimiz, yurtimizning bugungi hayotini xorijiy mamlakatlarda targ‘ib etish bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Qadimiy arxeologik obidalarni saqlash, konservatsiyalash, qayta ta’mirlashga oid loyiha doirasida tashkil etilgan «Arxeologiya ustaxonasi – 2016» mahorat saboqlari O‘zbekiston va Yaponiya olimlari tomonidan o‘tkazilib, u yosh arxeolog, restavrator, muzey xodimlari, talaba-yoshlarning malakasini yanada oshirish, mutaxassislarning o‘zaro fikr almashishi uchun imkon yaratishdan iborat bo‘ldi.

– Har safar bu tabarruk diyorga kelganimda ulkan ijobiy o‘zgarishlar, yangilanishlar, taraqqiyot sari dadil intilishlarning guvohi bo‘laman, – deydi Yaponiyaning Komazava universiteti professori, arxeolog Furusho Xiroaki. – Yurtingizdagi tarixiy yodgorliklar g‘oyat betakror. Bularning bari Buyuk ipak yo‘li chorrahasidagi shu azim yurtda azaldan turli madaniyatlar, an’analarning o‘zaro muloqoti asrlar mobaynida davom etganidan darak beradi. Qiziqarli o‘tkazilgan mahorat saboqlari har ikki mamlakat olimlarining o‘zaro muloqoti uchun muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Mahorat saboqlari doirasida arxeologiya asoslari, arxeologik ishlarni olib borishdagi asosiy tamoyillar, topilmalarni saqlash usullari haqida ma’lumotlar tinglovchilarga taqdim etildi. Shu bilan birga, arxeologik topilmalar va yodgorlik majmualari asosida muayyan obyektni batafsil tasvirlash, topilmalarni konservatsiyalash va qayta tiklash, tozalash, kulolchilik buyumlari tarkibiga oid mashg‘ulotlar o‘tkazildi. O‘quv mashg‘ulotlari yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA

20.09.2016 11:38

http://uza.uz/uz/society/qadimshunoslar-ustaxonasida-20-09-2016
Просмотров 677    Рейтинг 69   Понравилась новость?    +1   -1    Добавить комментарий  (0)

фото