Все новости
Mo‘jizalar dunyosi
10.02.2016
Mo‘jizalar dunyosi
Sog‘lom ona va bola yiliga bag‘ishlab O‘zbekiston Badiiy akademiyasining xalqaro madaniyat karvon saroyida ochilgan ko‘rgazma shunday nomlandi. Unda grafik rassom Husan Sodiqovning o‘zbek va jahon xalqlari ertaklariga ishlagan illyustratsiyalari namoyish etilmoqda.

Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida nomoddiy madaniy merosimizni asrash va kelajak avlodlarga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar navqiron avlod kamolotida muhim omil bo‘layotir.

Bolalar dunyoqarashini shakllantirishda tasviriy san’atning alohida o‘rni bor. Iqtidorli rassom Husan Sodiqov ana shu yo‘nalishda samarali ijod qilmoqda. Uning illyustratsiyalari asosida yaratilgan o‘zbek va jahon xalqlari ertaklari to‘plamlari kichkintoylar tasavvurini yanada boyitadi. Ularning ongiga ezgulik, mehr-oqibat, bunyodkorlik ruhini singdiradi.

Rassomning ijodiy ishlari nafaqat yurtimiz, balki xorijiy mamlakatlar san’at ixlosmandlariga ham ma’lum. Uning asarlari Janubiy Koreya, AQSh, Xitoy, Yaponiya, Ispaniya, Portugaliya, Turkiya, Rossiyadagi kolleksiyalarda saqlanmoqda.

Ko‘rgazmadan rassomning yuzdan ziyod illyustratsiyasi o‘rin olgan. Rangli qalam va akvarelda ishlangan «Ur to‘qmoq», «Zumrad va Qimmat», «Chalpak yoqqan kun», «Podsho va to‘ti», «Kitobsevar Oftoboy», «Xon atlas», «Aldarko‘sa va savdogar» kabi rasmlar bolalarni ertaklar dunyosiga yetaklaydi, kitobga mehr-muhabbat tuyg‘usini kuchaytiradi.

Bahor Xidirova, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA

10.02.2016 18:06

http://uza.uz/uz/culture/mo-jizalar-dunyosi-10-02-2016
Просмотров 704    Рейтинг 42   Понравилась новость?    +1   -1    Добавить комментарий  (0)