06.02.2016 Milliy qo‘g‘irchoqlar namoyish etildi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Ikuo Xirayama nomidagi xalqaro madaniyat karvon saroyida “O‘zbek qo‘g‘irchoqlari” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi.
Uning ochilishida yosh avlod ma’naviy olamini bolalikdan ezgu g‘oyalar asosida shakllantirish, ularga puxta ta’lim-tarbiya berish, har tomonlama komil insonlar etib voyaga yetkazish mamlakatimizda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangani ta’kidlandi.
Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, go‘dakning ulg‘ayib, kasb tanlashi, kelajakda qanday yo‘ldan borishi, o‘zining hayot tarzini qanday axloqiy-ma’naviy asoslarga qurishi ham, hech shubhasiz, uning bolalikda qanday o‘yinchoqlar bilan oshno bo‘lib o‘sgani bilan belgilanadi. Milliy ruhda yaratilgan qo‘g‘irchoqlar farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘lish ruhida tarbiyalashdek xayrli maqsadga xizmat qiladi.
Mutaxassislarning fikricha, o‘yinchoq nafaqat bolani ovuntirishga, balki jismoniy va ma’naviy kamolotiga, asab faoliyati, tafakkurining shakllanishiga ham xizmat qiladi. Shu bois o‘yinchoqlarning nafisligi, toza mahsulotdan tayyorlanganligi, ma’naviy jihatlariga e’tibor qaratish alohida ahamiyatga ega.
Mamlakatimizda urf-odat va an’analarimiz, milliy qahramonlarimizning o‘ziga xos fe’l-atvori aks etgan qo‘g‘irchoqlar ishlab chiqarishga, qo‘g‘irchoqsoz hunarmandlar uchun qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hunarmand va ijodkorlar mehnatini rag‘batlantirish, ijodiy ishini keng ommaga namoyon etishda turli ko‘rgazmalar tashkil etilmoqda.
Mazkur ko‘rgazmada hunarmand Dilfuza Esonalievaning qirqdan ziyod milliy qo‘g‘irchoqlari namoyish etilmoqda. Sharq ayollari, ko‘za ko‘targan qiz, kelin, kuyov, Buxoro qizi, sozanda, laparchi qiz kabi qo‘g‘irchoqlar avvalo, yuqori sifati, qolaversa, yoshlarimizni milliy urf-odatlarga, qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
Hunarmand D.Esonalieva yaratgan qo‘g‘irchoqlarning har bir detalida – taqinchog‘i, libosi, yuz ko‘rinishlarida milliylik aks etib turishiga alohida e’tibor qaratgan. Liboslarida atlas, adras, beqasam, olacha, parcha, satin singari milliy matolardan keng foydalangan.
Go‘zal Sattorova, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA
05.02.2016 17:43
http://uza.uz/uz/culture/milliy-ircho-lar-namoyish-etildi-05-02-2016
|
|