Все новости
Iste’dodli yoshlarning maqsadi ezgu
05.11.2015
Iste’dodli yoshlarning maqsadi ezgu
Yoshlar ijod saroyida joriy yil 16-22-noyabr kunlari “Ertangi kun bizniki, marra bizniki!” shiori ostida o‘tkaziladigan “Yoshlar haftaligi” oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.

«Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlar malakasini oshirish «Iste’dod» jamg‘armasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, davlat mukofoti sovrindorlari, tadqiqotchilar, madaniyat va san’at sohasi ijodkorlari, faol yoshlar ishtirok etdi.

«Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari F.Muhammadjonova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk, yuksak salohiyatli avlodni voyaga yetkazish, ularni ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, iste’dodini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilayotgan “Yoshlar haftaligi” navqiron avlodning jamiyat hayotida yanada faol ishtirok etishini ta’minlash, o‘z bilimlarini mustahkamlashida muhim omildir.

Mamlakatimizda yoshlarni milliy g‘oya atrofida jipslashtirish, ularni el-yurt, jamiyat manfaatlari yo‘lida xizmat qiladigan insonlar etib voyaga yetkazish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu jarayonda hayotga tatbiq etilayotgan ko‘plab loyihalarning ahamiyati katta bo‘layotir.

Mazkur haftalik doirasida kino, moda va dizayn, teatr, turizm, ekologiya kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan bilimli yoshlar o‘z mahoratini namoyish etadi. “Quvnoqlar va zukkolar”, “Tafakkur sinovlari” ko‘rik-tanlovlarining yakuniy bosqichi, “XXI asr – intellektual avlod asri” shiori ostidagi ilmiy-amaliy konferensiya va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi. Bu yosh avlodning ma’naviy olamini boyitish, madaniy saviyasini yuksaltirish, o‘z sohasi bo‘yicha ma’lumotlar olishini ta’minlash, san’at va go‘zallikka bo‘lgan intilishini kuchaytirish, milliy san’atimizning betakror an’analarini asrab-avaylash va rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Biz, yoshlarga beqiyos e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, yuksak ishonch bildirilmoqda, – deydi Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi, «Tafakkur sinovlari» tanlovi ishtirokchisi Sardor Ne’matjonov. – Bu ishonch zimmamizga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi. Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishdek sharafli va ezgu g‘oyalar sari undaydi.

Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.

Barno Meliqulova, O‘zA

05.11.2015 18:29
http://uza.uz/uz/programs/yoshlarga-oid-davlat-siyosati/iste-dodli-yoshlarning-maqsadi-ezgu-05-11-2015
Просмотров 670    Рейтинг 46   Понравилась новость?    +1   -1    Добавить комментарий  (0)