Все новости
Suvosti dunyosining maftunkor manzaralari
13.10.2015
Suvosti dunyosining maftunkor manzaralari
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida yaponiyalik fotomusavvir Kanako Satoning suvosti dunyosiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazmasi ochildi.

Xalqaro madaniyat karvon saroyi direktori Farrux Usmonov, Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Fumixiko Kato, Yaponiya fotosanoati instituti ijrochi direktori Xiroshi Yano va boshqalar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik tobora kengayib, mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.

O‘zbekistonlik rassomlar, xalq amaliy san’ati ustalari, hunarmandlar ko‘rgazmalari, san’atshunos va arxeolog olimlarning tadqiqotlari Yaponiyada katta qiziqish uyg‘otadi. Ayni paytda Kunchiqar yurt fotoijodkorlari va rassomlari diyorimizda an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan xalqaro biyennalelarda muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda.

Xalqaro madaniyat karvon saroyi ham tasviriy va amaliy san’at, fotografiya, arxeologiya kabi sohalarda yaponiyalik mutaxassislar bilan uzviy hamkorlikda ko‘plab loyihalarni san’at muxlislariga taqdim etayotir. Fotografiyaga qiziquvchi yurtdoshlarimizni o‘ziga chorlagan mazkur ko‘rgazma ham bu yo‘nalishdagi hamkorlikning uzviy davomidir.

32 yoshli Kanako Sato Tokio shahridagi rassomlikka ixtisoslashgan kollejni tamomlab, fotomusavvir sifatida samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Uning ijodida dengiz tubidagi betakror va mo‘jizakor manzaralar tasvirini obyektivga muhrlash asosiy o‘rin tutadi.

Ko‘rgazmadan K.Satoning saksondan ortiq fotoasari o‘rin olgan. Ularda Yaponiya dengizlari suvosti dunyosining g‘oyat maftunkor ko‘rinishlari, o‘simlik va jonzotlari musavvir mahorati hamda boy xayolot olami yordamida, o‘ziga xos nur va soya effektlari vositasida aks ettirilgan.

– O‘zbekistonga birinchi marta kelishim, – deydi K.Sato. – Bu go‘zal zaminda fotosuratlarim ko‘rgazmasi o‘tkazilayotgani men uchun g‘oyat katta sharafdir. Yurtingizning betakror qiyofasi, so‘lim bog‘ va xiyobonlari, tarixi asrlarga tutash me’moriy obidalarini suratga olish eng katta orzuim.

Fotoko‘rgazma 21-oktabrgacha davom etadi.

Nazokat Usmonova, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA

12.10.2015 11:58

http://uza.uz/uz/culture/suvosti-dunyosining-maftunkor-manzaralari-12-10-2015
Просмотров 690    Рейтинг 39   Понравилась новость?    +1   -1    Добавить комментарий  (0)

фото