Все новости
Kandakor usta ko‘rgazmasi
25.08.2015
Kandakor usta ko‘rgazmasi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Xalqaro madaniyat karvon saroyida O‘zbekiston xalq rassomi, kandakor usta Salimjon Hamidov xotirasiga bag‘ishlab “Men elimning yuragida yashayman” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi.

“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturiga muvofiq tashkil etilgan mazkur ko‘rgazmaga san’atshunos olimlar, rassomlar, tasviriy va amaliy san’at ixlosmandlari taklif etildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida san’atning barcha turlari rivojiga qaratilayotgan yuksak e’tibor boy madaniy-ma’naviy merosimizni asrash, musavvir va usta-hunarmandlarning ijodini rag‘batlantirish va keng targ‘ib etishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. Ushbu xotira ko‘rgazmasi ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.

S.Hamidov 1920-yili Buxoro shahrida kandakor usta oilasida tug‘ilgan. Shu bois Salimjon yoshligidan ushbu san’at bilan shug‘ullana boshlagan. Ko‘p yillik mehnatlari samarasida toshtarosh, murakkab naqshlarni metallga o‘yib ishlash bo‘yicha mohir usta bo‘lib yetishgan.

Bugungi kunda Salimjon Hamidovning yuzdan ortiq shogirdi uning hunarini davom ettirmoqda. 1997-yili shogirdlarning tashabbusi bilan Buxoroda “Usta Salimjon Hamidov” nomidagi muzey-ustaxona ochildi. U yerda ikki yuzga yaqin hunarmand faoliyat olib bormoqda.

– O‘n ikki yoshimdan kandakorlikni o‘rganganman, – deydi Tohir Qosimov. – Ustozimning har bir o‘giti bugun ham bizga asqotmoqda. Mana, o‘ttiz yildirki, mis idishlarga qadimiy obidalarimiz, go‘zal tabiatimiz, murakkab naqshlarni ishlab, xalqimizga taqdim etib kelmoqdamiz.

Ko‘rgazmada kandakor usta va uning shogirdlari tayyorlagan yuzga yaqin kandakorlik ishi namoyish etilmoqda.

Sh.Mamaturopova, A'lo Abdullaev (surat), O‘zA

25.08.2015 14:57
http://uza.uz/uz/culture/kandakor-usta-ko-rgazmasi-25-08-2015
Просмотров 660    Рейтинг 37   Понравилась новость?    +1   -1    Добавить комментарий  (0)

фото