08.08.2015 Musavvir mehri va ehtiromi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Xalqaro madaniyat karvon saroyida Keksalarni e’zozlash yiliga bag‘ishlangan badiiy ko‘rgazma ochildi.
“Sening sevging” deb nomlangan mazkur ko‘rgazmada musavvir Bahodir Zokirov ijodidan namunalar tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ijod ahlini qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish masalasiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
«Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturi doirasida navqiron avlodni milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, nuroniylarning boy hayot tajribasidan yoshlarni vatanparvarlik, fidoyilik, mehnatsevarlik, halollik, insof-diyonat ruhida kamol toptirishda keng foydalanilayotir.
Bugun tasviriy san’at sohasida izlanayotgan musavvirlar ijodida ham ayni mavzular yanada teran ochib berilayotir. Xalqimizning sevimli san’atkorlari – O‘zbekiston xalq artistlari Botir Zokirov hamda Erkli Malikboyevaning o‘g‘li Bahodir Zokirov oliy ta’lim dargohini tamomlab, kino sohasida mehnat qildi. U o‘ttizdan ortiq film uchun qo‘shiq va musiqalar ham yaratdi. Bir qator filmlarga rejissyorlik qildi.
Mo‘yqalam sohibining asarlarida jonajon Vatanimizga, xalqimizga, nuroniy otaxon va onaxonlarga, shu tabarruk zaminga bo‘lgan cheksiz mehr-ehtirom aks etgan. Bu jihatlar ko‘rgazmada namoyish etilayotgan «Vorislik», «Usta», «Falakning gardishi», «Choyxona», «Hordiq», «Kuz», «Orzu», «Sozanda» kabi yetmishga yaqin asarda o‘z ifodasini topgan.
Nazokat Usmonova, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
06.08.2015 19:27
http://uza.uz/uz/culture/musavvir-mehri-va-ehtiromi--06-08-2015
|
|