Все новости
Yosh musavvirlar tanlovi
22.05.2015
Yosh musavvirlar tanlovi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Xalqaro madaniyat karvon saroyida Keksalarni e’zozlash yiliga bag‘ishlab “Keksalar doim e’zozda” deb nomlangan ko‘rgazma hamda rasmlar tanlovi tashkil etildi.

Tadbirda yosh avlodni har jihatdan yetuk, yuksak ma’naviyatli insonlar etib kamolga yetkazishda nuroniylarning ibratli va boy hayotiy tajribasidan keng foydalanish masalasiga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturida ham bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish, navqiron avlodda vatanparvarlik, mehnatsevarlik, fidoyilik, halollik kabi fazilatlarni kamol toptirishda tabarruk otaxon va onaxonlarning o‘git va yo‘l-yo‘riqlaridan keng foydalanishga doir muhim vazifalar belgilab berilgan.

Ko‘rgazmada Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktabi boshlang‘ich sinf o‘quvchilaridan 71 nafarining ijodiy ishlari namoyish etilayotir. Ulardan M.Vohidjonova, P.Xegay, R.Qodirova, T.Yorqinov, A.To‘rayev va boshqalarning asarlari tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Yosh musavvirlar asarlarida qadimiy shaharlarimiz, me’moriy obidalar, jonajon Vatanimizning betakror tabiati manzaralari, tabarruk nuroniylar aks ettirilgan.

– Men o‘z suratlarimda bobomni va buvimni aks ettirdim, – deydi 3-sinf o‘quvchisi Shahrizoda In’omjonova. – Ular doim menga odobli, yaxshi xulqli bo‘lishim kerakligini ta’kidlashi va bilmaganlarimni o‘rgatishini tasvirladim. Biz doim ularni e’zozlashimiz zarur.

Tanlovda eng yaxshi ijodiy ishlari uchun bir qator yosh musavvirlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Farida Ibodova, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA

21.05.2015 19:29

http://uza.uz/uz/culture/yosh-musavvirlar-tanlovi-21-05-2015
Просмотров 766    Рейтинг 37   Понравилась новость?    +1   -1    Добавить комментарий  (0)

фото