28.01.2015 Mo‘yqalamning yengil raqsi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Xalqaro madaniyat karvonsaroyida “Mo‘yqalamning yengil raqsi” deb nomlangan sumi-e an’anaviy yapon akvarel san’ati ko‘rgazmasi ochildi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik turli yo‘nalishlar, jumladan, madaniyat va san’at sohasida ham izchil rivojlanayotgani ta’kidlandi. Bu borada ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
2002-yilda imzolangan Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot madaniyat va san’at sohalari bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikni izchil rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Hamkorlik doirasida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, jumladan, ko‘rgazma, biyennale, teatr va kino taqdimotlari tashkil etilmoqda. Poytaxtimizda ochilgan sumi-e an’anaviy yapon akvarel san’ati ko‘rgazmasi ham shunday tadbirlar sirasiga kiradi.
Sumi-e – bo‘yoq yordamida chiziladigan yapon san’at asari va bir paytning o‘zida meditatsiyaning o‘ziga xos falsafasi hamda usuli sanaladi. Shuningdek, u chiziqlar san’ati, deb ataladi. Chunki sumi-eni yaratish texnikasi faqat to‘rtta tortilgan bo‘yoqqa asoslanadi. Har bir tortilgan bo‘yoq a’lo darajada bo‘lishi kerak. Buning uchun doimiy mashg‘ulot va mahoratni sayqallab borish talab etiladi.
Ko‘rgazmada 50 ga yaqin rasm namoyish qilinmoqda. Bu yerga kelganlar yapon xalqi an’analari, timsollari va turmush tarzini o‘zida aks ettirgan “Qo‘g‘irchoqlar festivali”, “Oq kameliya”, “Fudzi tog‘i”, “Laylak” kabi asarlar bilan tanishmoqda.
Bobur Obidov, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA
26.01.2015 20:46
http://uza.uz/uz/culture/mo-yqalamning-yengil-raqsi-26-01-2015
|
|