O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Xalqaro madaniyat karvon saroyida Keksalarni e’zozlash yili munosabati bilan rassom Leonid Markinning “Umr mazmuni” deb nomlangan ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘rgazmaning ochilishida yurtimizda yosh avlodni har jihatdan yetuk, yuksak ma’naviyatli insonlar etib kamolga yetkazishda nuroniylarning ibratli va boy hayot tajribasidan keng foydalanish masalasiga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
“Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturida ham bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish, navqiron avlodda vatanparvarlik, mehnatsevarlik, fidoyilik, halollik kabi fazilatlarni qaror toptirishda tabarruk otaxon va onaxonlarning o‘git va maslahatlarini tarbiya jarayoniga keng tatbiq etishga doir muhim vazifalar belgilangan.
Ushbu jihatlar musavvir L.Markin ijodida o‘z ifodasini topgan. U Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurti, so‘ng hozirgi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining grafika yo‘nalishida tahsil olgan. O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi.
Rassom ijodida toshda haykalbop miniatyura asarlari yaratish ham yetakchi o‘rin egallaydi. Uning kolleksiyasida yuzdan ortiq ana shunday ijod namunalari mavjud.
Ko‘rgazmada Vatanimizning betakror tabiati manzaralari, qadimiy shaharlarimiz, tabarruk keksalarimiz aks ettirilgan kartinalar namoyish etilayotir. Ayniqsa, «Amir Temur», «Qishki Samarqand», «Buxoro», «Chor Minor», «Uch bobo», «Kapalak bilan lola qizg‘aldoqlar», «Tog‘da kuz», «Shomda» kabi asarlar san’at muxlislarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Farida Ibodova, A'lo Abdullayev (surat), O‘zA
10.06.2015 20:44
http://uza.uz/uz/culture/suratlarda-umr-mazmuni-10-06-2015