O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyida Koreya Respublikasi rassomlarining ko‘rgazmasi ochildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va Koreya tasviriy san’at uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur ko‘rgazmaning ochilishida turli vazirlik va idoralar, ijodiy tashkilotlar, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus vakillari, rassomlar, san’at ixlosmandlari ishtirok etdi.
Ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalar qatori madaniyat va san’at yo‘nalishlarida ham izchil taraqqiy etib borayotgani ta’kidlandi. Mamlakatimizda koreys rassomlarining badiiy va fotoko‘rgazmalari, koreys kinosi kunlarini o‘tkazish, Janubiy Koreyada esa O‘zbekiston san’ati yutuqlarini aks ettirgan ko‘rgazmalar, konsertlar tashkil etish yaxshi an’anaga aylangan.
Poytaxtimizda ochilgan ushbu ko‘rgazma mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning yana bir ifodasi bo‘ldi. Unda koreyalik musavvirlar hamda yurtimizda yashab, ijod qilayotgan koreys millatiga mansub rassomlarning uch yuzdan ortiq asari namoyish etilmoqda.
– O‘zbekiston va Janubiy Koreya rassomlari ijodida mushtarak jihatlar ko‘p, – dedi Koreya tasviriy san’at uyushmasi raisi Cho Kan Xun. – Ularda milliy va umuminsoniy g‘oyalar, ezgu tuyg‘ular tarannum etiladi. Ushbu ko‘rgazma koreys va o‘zbek xalqlarining do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shadi.
Ko‘rgazmadan o‘rin olgan asarlar, yorqin ranglarda aks ettirilgan turfa kompozitsiyalar san’at ixlosmandlarida katta taassurot qoldirmoqda.
O‘zA, Nodira Manzurova, Asqar Yoqubov (surat),
02.04.2014. 18:56
http://uza.uz/uz/society/31842/